Yangiliklar

24 Aprel 2025

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash Departamenti shaxsiy tarkibi uchun Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi muzeyiga sayohat tashkil etildi

Muzeylar — tarixning sirli xilqatlarini oʻzida mujassam etgan holda xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini tarannum etuvchi maskan va davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi koʻprik hisoblanadi.
Xodimlarni oʻz tarixiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda ajdodlar qoldirgan boy madaniy merosni asrab avaylash tuygʻularini shakllantirish maqsadida kuni kecha Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash Departamenti shaxsiy tarkibi uchun Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi muzeyiga sayohat tashkil etildi.
Mazkur tashrif davomida muzeydagi 36 ta asosiy ekspozitsiya stendlari orqali prokuratura tarixining eng qadimdan to bugungi kungacha boʻlgan davri, tizimning barcha yoʻnalishlari faoliyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Oliy darajali unvonga ega, davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan yuksak eʼtirof sohiblari, qolaversa, ilm-fan sohasida yutuqqa erishgan hamda sport musobaqalari gʻoliblari boʻlgan prokurorlarning hayot yoʻllari,ezgu amallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishtirokchilarning bilimlarini mustahkamlashga hamda tarix boʻyicha tasavvurlarini yanada boyitishga keng zamin yaratdi.
Taʼkidlab oʻtish joizki, muzey fondida jamlangan 5 mingga yaqin hujjatlar, 7 mingdan ortiq foto va videomateriallar, 2 mingga yaqin eksponatlar bu yerga tashrif buyuruvchi har bir insonni oʻz xalqi tarixi bilan gʻururlanishga, oʻtmishi, bugungi kuni va porloq istiqboli toʻgʻrisida mushohada qilishga, maʼnaviy ehtiyojini qondirishga va shu barobarida, avlodlarni ham buyuk ajdodlari kabi vatanparvarlik tuygʻulariga sodiq qolishga undaydi.