Yangiliklar

19 Fevral 2024

YOSHLARDA HARBIY-VATANPARVARLIK RUHINI OSHIRISHGA QARATILGAN TADBIR

Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning qalbida vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish maqsadida Termiz shahridagi 9-sonli umumtaʼlim maktabida harbiy-vatanparvarlik va sport tadbirlari tashkil etildi. Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbirda yoshlar taʼlim maskanida musiqa va sanʼat, rassomchilik, kitobxonlik hamda sport yoʻnalishlarida egallagan bilim va koʻnikmalarini namoyish etishdi. Tadbirning badiiy qismida oʻquvchilar tomonidan milliy qadriyatlarimizni, vatanimizni madh etuvchi kuy-qoʻshiq va raqslar ijro etilib, yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashildi. Milliy gvardiya xodimlarining qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari esa oʻgʻil-qizlarga gʻurur va iftixor bagʻishladi.
Tadbir doirasida sportning kamondan otish, shaxmat va shashka, stol tennisi hamda arqon tortish turlari boʻyicha musobaqalar uyushtirildi. Bu esa yoshlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Shuningdek, Milliy gvardiya boʻlinmalarida xizmatda foydalanib kelinayotgan maxsus jihozlar, texnikalar bilan yaqindan tanishtirildi. Bu orqali oʻquvchilar harbiylar va xodimlarning sharafli vazifalariga oid qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldilar. Yosh avlodning vatanparvarlik ruhida kamol topishiga xizmat qiluvchi bu kabi tadbirlar viloyatda davom etmoqda.