Yangiliklar

24 Avgust 2023

TARBIYALANUVCHILAR UCHUN POYTAXTIMIZGA SAYOHAT

Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami arafasida Sirdaryo viloyati Baxt shahrida joylashgan Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tarbiyalanuvchilari uchun Toshkent shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida yoshlar "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida bo‘lishdi va u yerda Milliy gvardiya qo‘mondonligi mutasaddi rahbarlari yoshlar bilan samimiy muloqot qilib, sovg‘alar taqdim etishdi.
Shundan so‘ng, tarbiyalanuvchilar xiyobon bilan tanishib, bog‘dagi sun’iy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, hunarmandchilik do‘konlarini tomosha qilishdi.
Shuningdek, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uning hududidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyiga bo‘lgan tashrif bo‘lsa, tarbiyalanuvchilarni moziy bilan yuzlashishiga sabab bo‘ldi. O‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi shonli tarixini, ona xalqimizning qahramonligini aks ettirgan mazkur majmua o‘quvchilarda yorqin taassurotlar qoldirdi.
Tadbir so‘ngida harbiy qismda namoyish etilgan konsert dasturi hamda ko‘rgazmali chiqishlar tarbiyalanuvchilarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, ularni ona yurtga mehri va sadoqatini yanada ortishiga turtki bo‘ladi deb ishonamiz.