Yangiliklar

4 Avgust 2023

TINGLOVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI

Aholi gavjum joylar, bozorlar, xiyobonlar ham fuqarolarning mol-mulklari xavfsizligini ta’minlashda bugungi kunda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tashkilot vakillari qatori Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari ham fidoyilik bilan o‘z xizmatlarini o‘tab kelishmoqda.

Aholi tinchlik va xotirjamligini saqlab kelayotgan tinchlik posbonlarining esa doimiy malakasi oshirilib, ularni turli yo‘nalishlardagi ko‘nikmalarini mustahkamlashni bugun zamonning o‘zi taqozo etmoqda.

Ayniqsa, qo‘riqqa olingan obyektlardan tashvish xabari kelib tushganda, ushbu hududlarda yong‘in sodir bo‘lgan bo‘lsa uni bartaraf etish, huquqbuzarlarni mol-mulklarga qasddan zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda inshootlar ichidagi insonlarni talafotsiz evakuatsiya qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bugun muhim yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda.

Kuni kecha Jizzax mintaqaviy o‘quv markazida tinglovchilar uchun huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni doirasida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ullari va mahalla faollari hamkorligida uchrashuv tashkil etildi.

Unda mahallarda qo‘riqqa topshirilgan obyektlar muhofazasini kuchaytirishda ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar, tashvish xabari bo‘yicha yo‘naltirilgan tezkor harakatlanuvchi guruh a’zolarining obyektlarda ba’zi holatlarda duch kelishi mumkin bo‘lgan yong‘in bilan bog‘liq holatlarda harakatlanish tartiblari haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, muhofazaga olingan hududlarda jinoyatchilik, o‘zgalarning mol-mulklarini o‘zlashtirib olish kabi salbiy holatlar kamayganligi, ayniqsa, tadbirkorlarning savdo do‘konlariga tajovuz bilan bog‘liq holatlar so‘nggi olti oy davomida 12 foizga kamayganligi, bu esa "Qo‘riqlash" xizmati xodimlari tomonidan olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasi ekanligi ta’kidlandi.