Yangiliklar

19 Dekabr 2023

ARZONLASHTIRILGAN OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI YARMARKASI TASHKIL ETILDI

Yangi yilga ham sanoqli kunlar qoldi. Shu sababdan barcha bayram dasturxoni uchun noz-neʼmatlarni qayerdan arzonroq xarid qilishni oʻylashi tabiiy hol, albatta.
Ayni shu maqsadda xodimlarning bayram kayfiyatini koʻtarish, Yangi yil bayrami dasturxonini turli arzonlashtirilgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida Milliy gvardiya Buxoro viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan xodimlar uchun oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi tashkil etildi.
Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur yarmarkada hududiy taʼminot korxonalari hamda dehqon va fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan qoramol goʻshti va goʻsht mahsulotlari, baliq, tuxum, kartoshka, sabzi, piyoz, oʻsimlik va paxta yogʻi, turli xil mevalar, un mahsulotlari hamda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bozor narxidan 10-15 foizgacha arzonlashtirilgan narxlarda taqdim etildi. Chorvadorlar esa oʻzlari keltirgan goʻshtning kilogrammini yurtimiz himoyachilari uchun eng arzon narxda sotishdi.
Boʻlib oʻtgan ushbu yarmarkada xodimlarning oila aʼzolari ham ishtirok etishib, Yangi yil dasturxonini bezatish uchun kerakli boʻlgan barcha noz-neʼmatlarni xarid qilishdi.