MAHALLA AHLI UCHUN KONSERT DASTURI TASHKIL ETILDI
Kuni kecha Farg‘ona shahridagi Sharof Rashidov mahallasida viloyat “Qo‘riqlash” boshqarmasi mas’ullari tomonidan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida ma’daniy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport bellashuvlari o‘tkazildi.
Tadbirda so‘z olganlar yoshlarning barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishishlari uchun yaratilgan qulayliklar hamda imkoniyatlar haqida fikr bildirar ekanlar, bu borada yigit-qizlar ham imkoniyatlardan to‘la foydalangan holda jahon arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotganligi e’tirof etilib, o‘qish va jamoat ishlarida faol qatnashgan, tashabbuskor ertamiz egalarining bir guruhini ota-onalari alohida e’tirof etildi.
Shu bilan bir qatorda, tadbirlar davomida mahalla hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, “Xavfsiz mahalla” tamoyili doirasidagi natijalar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etilgan tadbir bayramona tus olib yuzlab insonlarni bir davraga jamladi. Ayniqsa, sport ixlosmandlari uchun tashkil etilgan kamondan otish musobaqalarida mahalla bolalari do‘stona bahslarga kirishdilar.
Bolalar uchun dastlab kamondan otish qonun-qoidalari va o‘yin shartlari tushuntirilib, musobaqalarga start berildi.
Vatanni, tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, barcha maroq bilan raqsga tushdilar. Madaniyat bo‘limi xonandalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi katta-kichik xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladigan bo‘ldi.