1 oktabr – Oʻqituvchilar va murabbiylar kuni Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasida keng nishonlandi
Har yili 1 oktabr kuni mamlakatimizda ulugʻ kasb egalari — ustoz va murabbiylar sharaflanadi. Mazkur sana munosabati bilan Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasida ham bayram tadbiri oʻtkazildi. Unda sohada koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan faxriy murabbiylar hamda boshqarma xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir dasturi faxriylarning boshqarma muzeyiga tashrifi bilan boshlandi. Ular bu yerda Qoʻriqlash tizimining shakllanishi, yutuqlari va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishib, oʻz xotiralarini yangilashdi. Shuningdek, faxriylar Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasining zamonaviy monitoring markaziga tashrif buyurib, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy etilgan texnologiyalar va innovatsion yechimlarni koʻzdan kechirdilar.
Bayramning tantanali qismida Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻi soʻzga chiqib, barcha oʻqituvchi va murabbiylarni samimiy tabrikladi. Ustoz va murabbiylarning yoshlarga berayotgan saboqlari, xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari alohida eʼtirof etildi.
Tadbir davomida Qoʻriqlash departamenti ashula va raqs ansambli tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Bayramona kuy-qoʻshiqlar, milliy raqslar tadbirga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Yakunda faxriy murabbiylarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Mazkur tadbir nafaqat ustoz va murabbiylarga boʻlgan chuqur hurmat va ehtirom ifodasi, balki ularning yosh avlod tarbiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasiga bildirilgan minnatdorlik ramzi boʻldi.