Yangiliklar

30 May 2024

1 IYUN – XALQARO BOLALARNI HIMOYA QILISH KUNI MUNOSABATI BILAN MUZEYGA SAYOHAT TASHKIL ETILDI

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng begʻubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Albatta, bola – bu dunyo, hayot mazmunining ajralmas qismidir. Bolalar oʻz tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga boʻlgan qiziqishni uygʻotadilar. Koʻzlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirgʻoch misoli.

Sana munosabati bilan dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kelajagimiz egalari uchun turli konsertlar, koʻrgazmalar, sayillar, sport musobaqalari va turli xil tadbirlar oʻtkaziladi. Istirohat bogʻlari esa bolalarning tabassumlari bilan goʻyoki mo‘jizalar dunyosiga aylanadi. Mamlakatimizda ham ushbu bayram har yili dillarda quvonch ila nishonlanadi.

Ana shunday tadbirlardan biri Namangan viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan oʻtkazildi. Xodimlarning farzandlari va “Yorqin kelajak" nomli oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun Chortoq tumani “Koroskon” muzeyiga sayohat tashkil etilib, bolajonlar muzeyda yurtimizning tarixi va xalqimizning turmush tarzidan hikoya qiluvchi eksponatlar bilan tanishtirildi. Bolajonlarga ota-onalari hamrohligidagi sayohat olam-olam zavq ulashdi.