Xalqaro hamkorlik

24 Mart 2023

Belarus Respublikasi IIV Qo‘riqlash departamenti bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Bugun Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik M. G‘aniyev hamda Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qo‘riqlash departamenti boshlig‘i militsiya general-mayori A. Shepelev o‘rtasida onlayn videokonferens aloqa tarzida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ushbu uchrashuv qo‘riqlash faoliyati sohasidagi kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlash, shuningdek, "Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qo‘riqlash departamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi o‘rtasida 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma"ni, shuningdek, "O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi va Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qo‘riqlash departamenti o‘rtasida 2023 yilga mo‘ljallangan hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi amaliy chora-tadbirlar rejasi"ni imzolash maqsadida tashkil etildi.

Videomuloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona aloqalar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, o‘zaro tashriflar va amaliy tajriba almashish bo‘yicha tadbirlar qo‘riqlash faoliyatini takomillashtirishga katta hissa qo‘shayotgani taʼkidlandi.

Do‘stona va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, mazkur yo‘nalishdagi kelgusidagi istiqbolli rejalar belgilab oldilar.