Namanganda “Milliy gvardiya yoshlar bilan hamnafas” shiori ostida yoshlar sayli tashkil etildi
Milliy gvardiya Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi va "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan Namangan tumani Olaxamak mahallasida joylashgan Kasb-hunarga oʻqitish markazida “Milliy gvardiya yoshlar bilan hamnafas” shiori ostida yoshlar uchun maxsus sayl tashkil etildi. Ushbu tadbirda "Qoʻriqlash" boshqarmasi rahbariyati, viloyat harbiy prokurori va viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi hamda tuman sektor rahbarlari ishtirok etib, yoshlarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.
Shundan soʻng Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari tomonidan tayyorlangan koʻrgazmali chiqishlar hamda sportchi yoshlar ijrosidagi sport elementlari namoyishi yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyatlar ulashdi. Bu kabi koʻrgazmali chiqishlar yoshlarda harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishni oshirib, ularni vatanparvarlikka ilhomlantirdi.
Tadbir doirasida Kasb-hunarga oʻqitish markazining majlislar zalida yoshlar va rahbarlar uchrashuvi oʻtkazildi. Bu uchrashuv yoshlarning savollari, tashabbuslari va qiziqishlarini oʻrganishga yoʻnaltirilgan boʻlib, ularga rahbarlar tomonidan javoblar berildi va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida maʼlumotlar berildi.
Tadbirga taklif etilgan yoshlar kamondan otish, armrestling, shaxmat-shashka, arqon tortish, tosh koʻtarish kabi sport turlari boʻyicha bellashishdi. Bu bellashuvlar yoshlarning sportga qiziqishini oshirishga, jismoniy tayyorgarligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida Milliy gvardiya tomonidan ishtirokchilar uchun tushlik tashkil etildi. Tadbir barcha qatnashuvchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning harbiy xizmatga qiziqishini oshirish hamda ularni jismonan va maʼnan kamolga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.