"KAMALAK" BOLALAR YOZGI SOGʻLOMLASHTIRISH OROMGOHIDA YOSHLAR OʻRTASIDA “YOSH GVARDIYACHILAR” SPORT MUSOBAQASI BOʻLIB OʻTDI
Oʻzbekiston Respublikasi boʻylab eʼlon qilingan yoshlar oyligi doirasida yoshlarni har tomonlama yetuk hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Toshkent viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan Boʻstonliq tumanidagi "Kamalak" bolalar yozgi sogʻlomlashtirish oromgohida yoshlar oʻrtasida “Yosh gvardiyachilar” sport musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Musobaqada oromgoh bolalari 5 ta guruhga boʻlinib ishtirok etishdi. Ushbu musobaqada arqon tortish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, kamondan otish boʻyicha oʻzaro bellashdilar.
Milliy gvardiya orkestr jamoasi oʻzlarining jozibali kuy qoʻshiqlari bilan tomoshabinlarga xush kayfiyat bagʻishladi va ularning olqishlariga sazovor boʻldi. "Yosh Temurbeklar" harbiy-sport taʼlim muassasasi jamoasi esa oʻzlarining koʻrgazmali chiqishlari bilan bolajonlarni mamnun etishdi.
Shuningdek, ushbu tadbirda harbiy qurol-aslahalar va texnikalar koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi. Undan tashqari "Qoʻriqlash" xizmati tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlari faoliyati, ularning maxsus himoya vositalari va aslahalari bilan yoshlarni tanishtirildi.
Tadbir yakunida musobaqa gʻoliblari Toshkent viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi boshligʻining diplom va medallari bilan taqdirlandi. Shuningdek, oromgoh maʼmuriyati va tarbiyachilar tashakkurnoma bilan taqdirlandilar. Oʻylaymizki, ushbu yozgi dam olish maskanida oʻtkazilgan vaqlari bolajonlarda bir umrga muhrlanib qoladi.