Respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan «Qon topshir-hayot inʼom et!» shiori ostidagi begʻaraz donorlik aksiyasida xodimlar faol ishtirok etdi
Milliy gvardiya xodimlari tomonidan «Qon topshir-hayot inʼom et!» shiori ostida begʻaraz donorlik aksiyasi boʻlib oʻtdi. Ushbu aksiyadan koʻzlangan maqsad tibbiy-ijtimoiy koʻmakka muhtojlarni qoʻllab-quvvatlash,harbiy xizmatchilarni koʻngilli ravishda qon topshirishi orqali insonlarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat gʻoyalarini keng targʻib qilishdan iborat.
Taʼkidlash joizki, begʻaraz donorlik aksiyasida turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qonga muhtoj boʻlgan bemorlarga hayot bagʻishlash va ularning sogʻayib ketishlariga hissa qoʻshishdek xayrli hamda savobli ishga bel bogʻlagan xodimlarimiz ixtiyoriy ravishda qon topshirdilar.
Mazkur tadbir sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq rioya etilgan holda, ogʻir bemor bolalarni davolashga yoʻnaltirildi.
Ezgulikning yorqin namunasi boʻlgan bu kabi tadbirlar insoniylikka xos boʻlgan oliyjanob fazilatlardan biridir. Albatta, inson hayotini asrab qolish koʻpincha qon quyish jarayoni bilan bogʻliq boʻlib, savobli amallarni oʻzida jo etgan tadbirlar zamirida ham bemorlar dardiga shifo topish, ularni sogʻlom hayotga qaytarishdek ezguliklar mujassamdir.