Barcha qulayliklarga ega, eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan yangi maʼmuriy binoning foydalanishga topshirilish marosimi boʻlib oʻtdi
Mamlakatimizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulklarini ishonchli qoʻriqlovini taʼminlash Qoʻriqlash xizmatining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Bu borada tizim doimiy takomillashtirilib, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitini yaratib kelinmoqda.
Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi Qoʻshtepa tumani Qoʻriqlash boʻlimining barcha qulayliklarga ega, eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan yangi maʼmuriy binosining foydalanishga topshirilishi ham shular jumlasidandir. Tantanali ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Abdullayev B.T., Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari, keng jamoatchilik vakillari hamda tutash mahalla faollari ishtirok etishdi. Tantanali tadbirda soʻz olganlar bugungi kunda Qoʻriqlash xizmati tomonidan xalq manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishdagi yoʻnalishidagi tizimning alohida ahamiyati aytib oʻtishdi.
Tadbirda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va jinoyat hamda huquqbuzarliklarning oldini olishda fidokorlik koʻrsatayotgan bir guruh xodimlar taqdirlandi. Shundan soʻng, mutasaddi rahbarlar va mehmonlar tomonidan ramziy alvon lentalar qirqildi. Tashrif buyurganlar yangi binolardagi katta va yorugʻ xizmat xonalari, jismoniy va jangovar tayyorgarliklarini oshirib borish uchun tashkil etilgan sport zallari, barcha zaruriy tibbiy vositalar va anjomlar bilan toʻldirilgan tibbiyot va ruhiy yengillik xonalari, ziyo maskani boʻlmish kutubxonalar va merganlik mahoratlarini oshirish uchun elektron oʻq otish xonalari bilan yaqindan tanishdilar.