Yangiliklar

21 Oktyabr 2025

Aholi osoyishtaligi yoʻlida — Qoʻriqlash xizmati targʻiboti

Surxondaryo viloyatida jinoyatchilik holati ogʻir boʻlgan ayrim mahallalarda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda aholini Qoʻriqlash xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida amaliy targʻibot ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, kuni kecha Shoʻrchi tumanida Qoʻriqlash boʻlimi xodimlari tomonidan tashkil etilgan uchrashuvlar davomida fuqarolarga Qoʻriqlash xizmati imkoniyatlari, uy-joy va savdo doʻkonlarini signalizatsiya vositalariga ulashning afzalliklari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, jinoyatning oldini olishda “tashvish tugmasi” tizimining ahamiyati haqida ham maʼlumotlar taqdim etildi.

Targʻibot doirasida mahallalardagi koʻp qavatli uylar hamda doʻkonlarga “tashvish tugmasi” oʻrnatilib, fuqarolarga uning ishlash tartibi amaliy koʻrsatib berildi. Ushbu tizim orqali xavfli holat yuz berganda tezkor guruh xodimlari qisqa vaqt ichida hodisa joyiga yetib borishi mumkinligi taʼkidlandi.

Qoʻriqlash xizmati xodimlari aholi bilan muloqot jarayonida har bir fuqaro oʻz mulki va xavfsizligiga nisbatan masʼuliyatli boʻlishi, huquqbuzarlik holatlariga befarq qaramasligi lozimligini taʼkidlab oʻtishdi.

Bunday amaliy targʻibot tadbirlari jinoyatchilikning oldini olish, aholining huquqiy ongi va fuqarolik masʼuliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.