Yangiliklar

12 Dekabr 2025

Kiberfiribgarliklarning oldini olish: amaliy koʻnikmalar bilan boyitilgan uchrashuv

Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasida shaxsiy tarkib ishtirokida kiberxavfsizlikka bagʻishlangan maxsus targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Tadbirda Toshkent shahar IIBB ATSJQKBning kiberxavfsizlik boʻyicha malakali mutaxassislari ishtirok etib, xodimlarga zamonaviy raqamli muhitda xavfsiz foydalanish madaniyati yuzasidan amaliy maʼlumotlar taqdim etdi.

Maxsus maʼruzalar davomida kibermadaniyat talablari, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilishning zamonaviy usullari, ijtimoiy tarmoqlar va internetdan foydalanishda ehtiyot choralariga rioya etish, fishing va boshqa kiberhujumlardan saqlanish kabi yoʻnalishlar atroflicha yoritildi. Xodimlarga kiberfiribgarlik turlari va ularni aniqlash mexanizmlari haqida aniq misollar asosida amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, aholi oʻrtasida kiberxavfsizlik boʻyicha xabardorlikni oshirish maqsadida maxsus tayyorlangan flayerlar tarqatildi. Ularda real hayotda uchrayotgan kiberfiribgarlik holatlari va ulardan muhofazalanish boʻyicha muhim yoʻriqnomalar joy olgan.

Bunday targʻibot tadbirlari huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining kiberxavfsizlik sohasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash barobarida, ularning keng jamoatchilik oʻrtasida kibermadaniyatni shakllantirishga qaratilgan faoliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.