Yangiliklar

9 May 2024

9 may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan hududlarda maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, tizim faxriylari va xizmat vaqtida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolari xolidan xabar olinmoqda

Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Jasorat – millat gʻururi va iftixori” shiori ostida maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Tadbirlar doirasida “Uch avlod uchrashuvlari” oʻtkazilib, unda harbiy prokuratura, Milliy gvardiya Faxriylar kengashi, Afgʻon urushi jangchilari kengashi aʼzolari oʻzlarini xizmat va xizmatdan keyingi vaqtda yurt tinchligi va osoyishtaligi saqlash yoʻlida bosib oʻtgan yoʻllari, kechgan mashaqqatlari haqida yoshlar bilan oʻrtoqlashib, yoshlarni chinakam vatanparvar qilib tarbiyalash, ularning Ona-vatanga sadoqat tuygʻularini va milliy qadriyatlarimiz haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish borasida fikrlashdilar.
Shu bilan birga tadbirlarda oʻquvchi yoshlar tomonidan Ona vatanga muhabbat, sadoqat, tinchlik qadri, buyuk ajdodlarimiz, sarkardalarimiz va boshqa mard oʻgʻlonlarimiz jasorati aks etgan sahna koʻrinishlari bilan chiqishlar qilindi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlarining jangovar koʻrgazmali chiqishlari, sheʼriyat, jonli ijro, raqs va boshqa ijodiy sahna koʻrinishlari namoyish etdi.
Shu bilan bir qatorda bayram munosabati bilan bir guruh xodimlar navbatdagi maxsus unvonlarini tantanali topshirish marosimiga ulanib ketdi. Soʻzga chiqqanlar tomonidan xodimlarni navbatdagi maxsus unvon olganliklari bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, tinchlik-omonlik, xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida olib borayotgan sharafli ishlarida ulkan zafarlar tilandi.
Bilamizki, ajdodlarimizni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, eʼzozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Vatan ozodligi, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok boʻlgan ota-bobolarimizni muqaddas xotirasini yod etib, bugungi kunda el ardogʻida umrguzaronlik qilayotgan keksalarga alohida hurmat-eʼtibor koʻrsatish yurtimizda anʼanaga aylangan. Shu munosabat bilan Milliy gvardiya masʼullari tomonidan bugungi osoyishta kunlar uchun nafaqat mustaqillik yillarida, shu bilan birga ayni kunlarda yurtimiz osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari holidan xabar olinib, xodimlar jasorati yod etilib, ularning Vatan tinchligi yoʻlida qilgan jasoratlari hech qachon unutilmasligi, doim eʼtibor va eʼzozda boʻlishi taʼkidlanib, marhum xodimlarning oila aʼzolariga bayram oldi kayfiyat ulashildi.