XOTIRA – ABADIY, INSON QADRI – MUQADDAS
Ajdodlarimizni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, eʼzozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Vatan ozodligi, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok boʻlgan ota-bobolarimizni muqaddas xotirasini yod etib, bugungi kunda el ardogʻida umrguzaronlik qilayotgan keksalarga alohida hurmat-eʼtibor koʻrsatish yurtimizda anʼanaga aylangan.
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda, xizmat vaqtida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolarini yoʻqlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish zamirida bu yuksak insoniy fazilatlar yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari xizmat Ikkinchi jahon urushi faxriylari, shuningdek vaqtida halok boʻlgan xodimlar xonadoniga tashrif buyurilib, oila aʼzolari holidan xabar olindi. Shuningdek, birlamchi oziq ovqat mahsulotlari hamda Milliy gvardiya Qoʻmondonligi tomonidan berilgan 2 000 000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari topshirildi. Shundan soʻng halok boʻlgan xodimlar xotiralari yana bir bor yod olinib, ularning haqqiga duolar qilindi. Marhumlarning oʻsib-ulgʻayotgan farzandlariga va oila aʼzolariga tuhfalar hadya etildi. Bu esa ularning murgʻak qalbini quvonchga toʻldirdi. Darhaqiqat, inson bor ekan, xotira – muqaddas.
Bundan tashqari kasalxonalarda davolanayotgan hamkasblarga ham tashrif buyurilib, bemorlarga tezroq sogʻayib ketish tilandi va bayram sovgʻalari topshirildi.
Hech kim, hech narsa unut boʻlmaydi. Zero, oʻz Vatani tinchligi va kamoloti yoʻlida aziz jonini fido qilgan oʻgʻlonlarning porloq xotirasi qalblarda mangu yashaydi. Bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, uning qadriga yetish esa barchamizning muqaddas burchimizdir.