Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va kommunal xizmatlardan xavfsiz foydalanish masalalari muhokama qilindi
Xorazm viloyati Qoʻriqlash boshqarmasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ayniqsa yozgi mavsumda dolzarb boʻlgan xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan profilaktik tadbir tashkil etildi. Unda boshqarma mutaxassislari va masʼul xodimlar ishtirok etib, kommunal xizmatlardan xavfsiz foydalanish va favqulodda holatlarda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha zarur maʼlumotlar taqdim etildi.
Tadbirda, xususan, suvda choʻkish bilan bogʻliq holatlar, issiq ob-havo sharoitida tana haroratining koʻtarilishi (issiq urishi), hamda yogʻingarchiliksiz davrda yongʻin xavfining ortishi kabi mavsumiy xavflar muhokama qilindi. Mutasaddilar tomonidan bunday holatlarning oldini olish uchun amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar, birinchi yordam koʻrsatish usullari va aloqa xizmatlariga tezkor murojaat qilish tartiblari tushuntirildi.
Shuningdek, elektr uskunalari, gaz va suv taʼminotiga oid xavfsizlik qoidalariga rioya qilishning ahamiyati, uskunalardan notoʻgʻri foydalanish oqibatida kelib chiqishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar haqida aniq misollar asosida soʻz yuritildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga tegishli yoʻriqnomalar tarqatildi va ularning savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. Qoʻriqlash boshqarmasi rahbariyati taʼkidlashicha, bunday tadbirlar kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etilib, xodimlar va ular qoʻriqlaydigan obyektlarda xavfsizlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.