Yangiliklar

25 Aprel 2025

Sayyor qabulda xodimlar va ularning oila aʼzolarining murojaatlari tinglandi

Aytish kerakki, bugungi kunda barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratilib, fuqarolarning huquq va manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Joylarda oʻtkazilayotgan ommaviy sayyor qabullar, xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishga xizmat qilmoqda. Shu jumladan, Qoʻriqlash Departamenti hamda uning hududiy boshqarmalarida ham muntazam ravishda ochiq muloqot va sayyor qabullar tashkil etilib, aholi roziligiga erishilmoqda.
Kuni kecha Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash Departamenti boshligʻining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik B.S.Jumayev tomonidan Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi tizimidagi xodimlar hamda ularning oila aʼzolari ishtirokida sayyor qabul boʻlib oʻtdi.
Qabulda shaxsiy tarkib va fuqarolar, Qoʻriqlash tizimiga ishga tiklanish, ishga qabul qilish, xizmatni boshqa hududga koʻchirish, oilaviy nizolarga barham berish, ijtimoiy himoya va boshqa turli masalalar yuzasidan murojaatlar qilishdi.
Ochiq muloqotda qatnashchilarga huquqiy tushuntirishlar berilib, koʻtarilgan ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, ayrim muddat talab etiladigan murojaatlar tegishliligi boʻyicha masʼullar tomonidan nazoratga olindi.