MUZЕYLAR – TARIXNI TЕRAN ANGLASH UCHUN ENG MUHIM ASOSDIR
Muzeylar — tarixning sirli xilqatlarini o‘zida mujassam etgan holda xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini tarannum etuvchi maskan va davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi ko‘prik hisoblanadi.
Milliy gvardiya "Farg‘ona" viloyati "Qo‘riqlash" boshqarmasi xodimlarini o‘z tarixiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda ajdodlar qoldirgan boy madaniy merosni asrab avaylash tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida, Farg‘ona shahrida joylashgan “O‘lkashunoslik” muzeyiga ekskursiya uyushtirildi. Tashrif davomida tinglovchilar muzeyning "Amaliy san’at" bo‘limida qadimiy xalqlarning uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan tanishgan bo‘lsalar, "Etnografiya" bo‘limidan esa kiyim-kechaklar o‘rin olgan. Muzey ilmiy xodimlari viloyat tarixi, bu maskanlarda yashagan mahalliy xalqlarning turmush tarzi haqida so‘zlab berishdi.
Shundan so‘ng, xodimlar muzeydagi osori-atiqalar bilan tanishtirildi. Bir olam taassurotlar bilan muzeyning 6 ta bo‘limida saqlanayotgan madaniy yodgorliklar bilan tanishgan xodimlar tarixning jonli ko‘zgusiga guvoh bo‘lishdi. Muzeyga uyushtirilgan bu kabi sayohatlar xodimlarning ma’naviy dunyosini boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy an’ana va qadriyatlarini o‘rganish, ularni targ‘ib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.