MEHRIBONLIK UYI TARBIYALANUVCHILARI VA SINFDOSHLARI UCHUN HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TADBIR BOʻLIB OʻTDI
Toshkent shahridagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tahsil oladigan Chilonzor tumanida joylashgan 128 va 79-sonli oʻrta taʼlim maktabida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va ularning sinfdoshlari uchun vatanparvarlik tadbiri tashkillashtirildi. Ushbu tadbirga jami 200 nafardan ortiq bolajonlar jalb qilindi.
Tadbirga namunali orkestrning musiqali chiqishlari koʻtarinki ruh berdi. Shuningdek, ishtirokchilar eʼtiboriga muddatli harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari, faxriy qorovul boʻlinmasining saf chiqishlari va Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasidan xizmat it va otlari ishtirokidagi koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi hamda, moto- va avtotexnikalarining koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiylikka qiziqishlarini oshirish hamda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va ularning sinfdoshlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida oʻtkazilgan ushbu tadbir ishtirokchilarda iliq taassurotlar qoldirdi.