MINI-FUTBOL BOʻYICHA SIRDARYO VILOYATI "QOʻRIQLASH" BOSHQARMASI BOSHLIGʻI KUBOGI UCHUN MUSOBAQA OʻTKAZILDI
Bugungi kunda Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarliklarini oshirish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Guliston shahrida joylashgan Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan xodimlar oʻrtasida sportning mini-futbol turi boʻyicha Sirdaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi boshligʻi kubogi uchun oʻtkazilgan musobaqa ham mazkur ishlarning mantiqiy davomi boʻldi. Musobaqada Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlar "Qoʻriqlash" boʻlimlarining xodimlari va harbiylashtirilgan nazoratchilardan tashkil topgan jami 12 ta jamoa vakillari oʻz kuchlarini sinab koʻrishdi. Bellashuvlar malakali hakamlar tomonidan odilona baholab borildi. Har bir jamoa gʻoliblik uchun mashgʻulotlarda olingan koʻnikmalarini musobaqalarda namoyon etishdi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra gʻoliblikni Guliston shaharlararo "Qoʻriqlash" boʻlimi xodimlari qoʻlga kiritdi.
Musobaqa gʻoliblariga viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasining diplom, medal va esdalik sovgʻalari hamda kubok topshirildi. Osoyishtaligimiz posbonlari oʻrtasida sport musobaqalarining muntazam oʻtkazib borilishi ularning sogʻlom va jismoniy yetuk boʻlishlariga yordam berishi bilan birga, sogʻlom turmush tarzini targʻib etayotganligi bilan samarali boʻlmoqda.