9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Milliy gvardiya maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Uygʻoq xotira” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etilmoqda
Sana munosabati bilan namoyish etilgan mazkur asar Milliy gvardiya qoʻmondoni tashabbusi bilan, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda tizim harbiy xizmatchi va xodimlaridan iborat ijodiy guruh tomonidan tayyorlanib, unda “mashʼum urush” yillarida jasoratli ota-bobolarimiz, matonatli onalarimizning boshdan kechirgan ogʻir damlari hamda xalqimiz dardi yodga olingan.
Xalq xotirasi deganda kishi koʻz oʻngidan Vatan ibtidosidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak boʻlsa, shu yoʻlda jon fido qilgan ne-ne buyuk zotlar bir-bir oʻtadi. Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami – bu shunchaki bayram emas, unda milliy xususiyat va yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshadigan qadriyatlar mujassamdir.
Urush faxriylari mazkur teatrlashtirilgan konsert dasturining ilk daqiqalaridayoq koʻzlariga yosh olishdi. Ular shu onda oʻyinqaroq yoshlik chogʻlariyu, oʻsha mashʼum urush yillarini xotirlashdi. Ijodiy guruh aʼzolari tomonidan mahorat bilan ijro etilgan obrazlarda ikkinchi jahon urushi mobaynidagi xalqimiz boshiga tushgan ogʻir kunlar yoritib berildi.
Hissiyotlarni junbishga keltiruvchi sahna chiqishlari, qalbning eng tubiga yetib bordi desak hech ham mubolagʻa boʻlmaydi. Har bir sahna koʻrinishi ijrosini yoshlar beixtiyor olqishlab turishdi. Albatta shu kabi bayram dasturlari yoshlarni elu yurtni koʻproq sevishga undaydi, olamda mehr-muruvvat, hurmat-eʼtibor, qadr-qimmat va oqibat urugʻlarining koʻproq sochilishiga hissa qoʻshadi.
Shu bilan birga, tadbir davomida Milliy gvardiya saflarida vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi uchun oʻz jonini qurbon qilib qahramonlarcha halok boʻlgan safdoshlarimizning yorqin xotirasini yod etish eng oliy vazifamiz ekanligi taʼkidlandi.
Ushbu sahnada namoyish etilgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari tomonidan tayyorlangan “Uygʻoq xotira” musiqali sahna koʻrinishi ham shu maqsadda tayyorlanib, zalda oʻtirgan har bir insonning qalbida beixtiyor bugungi tinch va farovon hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun shukronalik hamda urush qahramonlariga cheksiz minnatdorlik hisini uygʻotganiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, soʻzga chiqqanlar tomonidan tadbir ishtirokchilariga va ular orqali barcha yaqinlariga samimiy tilaklar bildirilib, mazkur musiqali sahna koʻrinishini eʼtiborimizga taqdim etgan Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ashula va raqs ansambli rahbari va uning jamoasiga, shuningdek spektaklda ishtirok etgan harbiy xizmatchi va xodimlarga minnatdorchilik bildirildi.